Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

21

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida ta’limning kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish


Annotasiya: O‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etishning tashkiliy masalalariga oid ma’lumotlar, shu jumladan, ta’lim dasturi, fanlar katalogi, akademik mobillikni ta’minlash, ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, kreditlarni tan olish va ko‘chirib o‘tkazishga taalluqli hujjatlar hamda diplomga ilovaning shakllari, shuningdek, akademik mobillik davrida o‘quvchining bilim darajasini aniqlash

      Kalit so‘zlar: akademik mobillik, kredit, kreditlarni ko‘chirish, kredit to‘plash, mobillik dasturi, ta’lim dasturi, ta’lim dasturi katalogi, ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi, GPA (Grade Point Average), o‘qish yuklamasi, o‘quvchining shaxsiy ta’lim trayektoriyasi, transkript, ta’lim elementlari.

  Yuridik texnikumlarda o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi Kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS)ga muvofiq tashkil qilinadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasidagi shartnomalarda ushbu Nizomda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

O‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etishning tashkiliy masalalariga oid ma’lumotlar, shu jumladan, ta’lim dasturi, fanlar katalogi, akademik mobillikni ta’minlash, ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, kreditlarni tan olish va ko‘chirib o‘tkazishga taalluqli hujjatlar hamda diplomga ilovaning shakllari, shuningdek, akademik mobillik davrida o‘quvchining bilim darajasini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar va boshqa zarur hujjatlar namunalari Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

akademik mobillik — yuridik texnikum o‘quvchilarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yuridik texnikumga (TDYUga) yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir ta’lim muassasasiga o‘qish maqsadida borishi;

kredit — ta’lim olish natijalariga ko‘ra o‘quvchi tomonidan muayyan fan bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasining o‘lchov birligi;

kreditlarni ko‘chirish — o‘quvchilarning akademik mobilligini ta’minlash maqsadida bir ta’lim muassasasi ta’lim dasturida olingan kreditlarni boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirish va tan olish;

kredit to‘plash — ta’lim elementlarini o‘zlashtirish va boshqa yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan kredit birliklarini to‘plash;

mobillik dasturi — ikki yoki undan ortiq ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;

ta’lim dasturi — yuridik texnikum bitiruvchisiga muayyan egallagan mutaxassislik bo‘yicha kasbiy faoliyatni malakali bajarish imkonini berishga qaratilgan professional ta’lim tayyorgarligining asosiy mazmunini aniqlovchi ta’lim standartlari, o‘quv rejasi, o‘quv fanlari (modullar) dasturlari, malaka amaliyot dasturlaridan iborat hujjatlar to‘plami;

ta’lim dasturi katalogi — yuridik texnikum tavsifi, kredit-modul tizimiga kirish, mavjud ta’lim mutaxassisliklari, xizmatlar va resurslar, o‘quv fanlari dasturlari, aniq ta’lim dasturlari elementlari tavsifi to‘g‘risidagi axborot;

ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi — o‘quvchilarni ro‘yxatga olish, o‘quv materiallarni tarqatish, o‘quvchilar va pedagog xodimlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, topshiriqlarni berish, nazoratlar o‘tkazish, baholash va uning natijalarini qayd etish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lgan elektron tizim (maxsus dasturiy vosita);

ta’limning kredit-modul tizimi — ta’lim oluvchiga yo‘naltirilgan, ta’lim olish, ta’lim berish va ta’lim oluvchilar bilimini baholash jarayonlarining shaffofligi tamoyili asosida kreditlarni yig‘ish va o‘tkazishdan iborat tizim;

ta’lim moduli (modul) — bu o‘zida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, o‘quvchida bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan ta’lim dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida o‘quv fani (uning qismi yoki o‘zaro bir sohaga doir fanlar majmui);

ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma — o‘zlashtirilgan modullar, to‘plangan kreditlari miqdori, olingan baholar aks ettiriladigan o‘quvchining akademik o‘zlashtirishi bo‘yicha guvohnomasi;

ta’lim elementlari — ta’lim dasturining bir qismi bo‘lib, ta’lim olish natijalariga erishish va ta’lim dasturida ko‘rsatilgan bilimlarni o‘zlashtirishga ko‘maklashuvchi o‘qitish turi;

transkript — ta’lim olishning tegishli davrida o‘zlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi ko‘rsatib o‘tilgan fanlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan belgilangan shakldagi hujjat;

o‘quvchining shaxsiy ta’lim trayektoriyasi — o‘quvchi tomonidan tanlangan hamda unga ketma-ketlikda bilimlar to‘plash va xohlagan kompetensiyalar yig‘indisiga ega bo‘lish imkoniyatini beradigan yo‘nalish (marshrut). Ta’lim trayektoriyasi institusional hujjatlar va yo‘riqnomalar yordamida tuzilishi hamda turli ta’lim trayektoriyalari natijada bir xil malaka olishga olib kelishi mumkin;

o‘qish yuklamasi — o‘quvchi tomonidan o‘quv faoliyatining barcha turlari (ma’ruza, amaliy mashg‘ulot, seminar, kurs loyihasi (ishi), amaliyot va mustaqil ish)ni amalga oshirish asosida kutilgan o‘quv natijalariga erishish uchun zarur bo‘lgan vaqt sarfi;

GPA (Grade Point Average) — ta’lim oluvchining dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballari o‘rtacha qiymati bo‘lib, u quyidagi formula yordamida hisoblanadi:

K — har bir fan/modulga ajratilgan kreditlar miqdori;

U — har bir fan/modul bo‘yicha talaba to‘plagan ball.

Bunda, o‘quvchi faqat fan/modulni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, ushbu fan/modul bo‘yicha kredit beriladi.

Yuridik texnikumlarning o‘quv yili uchun ta’lim dasturi tuzilmasi bir yoki bir nechta modullardan iborat ta’lim elementlaridan tashkil topgan bo‘lib, TDYU kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Ta’lim dasturi auditoriya mashg‘ulotlari, ilmiy loyihalar, mustaqil ta’lim, amaliyot va boshqa ta’lim elementlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Ta’lim dasturida kreditlarning miqdori o‘quv yuklamasi asosida ko‘rsatiladi.

Ta’lim dasturi katalogi va o‘qitish sharoitlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar yuridik texnikumning rasmiy veb-saytiga qulay yuklanadigan shaklda o‘quv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va e’lon qilib boriladi.

Yuridik texnikumlarda o‘quv jarayoni o‘quv (auditoriya mashg‘ulotlari, amaliyot va mustaqil ishlarning tashkil etilishi) va nazorat (modullar bo‘yicha bilimlar o‘zlashtirilishini va ularning natijalarini baholash) tadbirlaridan tashkil topadi.

O‘quv jarayoni o‘quvchilar, pedagog xodimlar va ma’muriyat o‘rtasida ochiq muloqot shaklida o‘quvchiga yo‘naltirilgan yondashuv asosida rejalashtiriladi. Ushbu jarayonda o‘quvchilarning talab va istaklari muhokama qilinadi. Barcha manfaatdor tomonlar ta’lim dasturining yaratilishi va o‘zlashtirilishining konstruktiv muhokamasiga jalb etilishi mumkin. Bunday muhokamalarda o‘quvchilar vakillari ovoz berish huquqi orqali ishtirok etishlari mumkin.

O‘quv jarayonini rejalashtirish quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

ta’lim dasturi katalogi va o‘quv rejasini ishlab chiqish;

modullarning o‘quv dasturini (sillabusni) ishlab chiqish;

o‘quv rejasi va tanlov fanlari ro‘yxatiga mos ravishda o‘quvchilarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirish;

o‘quv jarayoni jadvalini tuzish;

akademik guruhlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari jadvalini tuzish.

O‘quv rejasiga o‘quvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘zlashtiriladigan qo‘shimcha kreditlar ajratiladigan ta’lim elementlari kiritiladi. O‘quvchining jamoat ishlaridagi, ilmiy to‘garaklar, yuridik klinikalar faoliyatidagi ishtiroki hamda xorijiy mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan qisqa muddatli kurslardagi ishtiroki rag‘batlantirilib, kreditlar ajratiladi.

O‘quvchi o‘quv yuklamasidan tashqari o‘z ixtiyoriga ko‘ra ro‘yxati taqdim etiladigan qo‘shimcha fanlarni (modullarni) yoki boshqa fakultet va ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasining tanlov fanlarida mavjud fanlar ro‘yxatidan qo‘shimcha fanni tanlab to‘lov-kontrakt asosida o‘qishiga ruxsat etiladi. Bunda qo‘shimcha o‘zlashtirilgan fanlar o‘quvchi o‘quv yuklamasiga (kreditlar hajmiga) qo‘shiladi hamda diplom ilovasida qayd etiladi.

Akademik davr davomida o‘quvchi tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlar miqdori o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov modullarini o‘z ichiga oladi.

Majburiy va tanlov modullari tarkibi hamda ularni o‘rganishga ajratiladigan kreditlar miqdori TDYU tomonidan mustaqil belgilanadi.

O‘quvchilar shaxsiy ta’lim trayektoriyasida belgilangan tanlov modullari doirasida fanlarni mustaqil tanlashi mumkin. O‘quvchilarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirish tartibi TDYU tomonidan belgilanadi.

Yuridik texnikumlarda o‘quvchi bir semestrda 30 kredit, bir o‘quv yilida 60 kredit to‘plashi kerak. Semestr davomida o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan kreditlar hajmi o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov fanlarini o‘z ichiga oladi. O‘quvchi o‘zining shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirishda har bir semestr uchun 30 kredit hajmidagi fanlarni o‘zlashtirishni nazarda tutishi, ular tarkibida o‘quv rejasidagi majburiy fanlar bo‘lishi shart.

Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari TDYUda ikkinchi kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega ekanligini inobatga olib, TDYUning birinchi kursidagi kreditlarini (60 kredit) yuridik texnikumlarda to‘playdi.

TDYUning birinchi kursidagi to‘planishi lozim bo‘lgan kreditlarning yuridik texnikumning qaysi kursi davomida (birinchi yoki ikkinchi kurs yoxud ikkala kursda) to‘planishi TDYU tomonidan belgilanadi.

Yuridik texnikumlarda o‘quv yuklamasi hajmi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Kredit-modul tizimida 1 kredit miqdori va o‘quv mashg‘ulotlari soati (astronomik yoki akademik soat) TDYU Kengashi tomonidan belgilanadi.

Ta’lim sifati samaradorligi TDYU tomonidan ishlab chiqiladigan ta’lim dasturining vakolatli tashkilotlar tavsifnomalari va talablariga mosligini ta’minlash bilan belgilanadi.

Ta’lim sifatini takomillashtirish va pedagog xodimlar o‘rtasida raqobatni shakllantirish maqsadida TDYU Kengashi qaroriga asosan ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali o‘quvchilarga modul doirasida o‘quvchilarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirish jarayonida pedagog xodimlarni tanlash imkoniyati beriladi.

Pedagog xodimlarning tarkibi mehnatini me’yorlashtirish, ularning ish vaqtini faqat o‘quv tadbirlariga asoslangan holda amalga oshirishlari, pedagog xodimlarning shaxsiy ish rejasidagi tadbirlar ro‘yxati va ularning minimal soatlari (sarflanadigan vaqt me’yorlari) ECTS talablariga muvofiq TDYU kengashi qarori bilan belgilanadi.

ECTS talablariga muvofiq o‘quv yuklamasi bo‘yicha hisoblangan soatlar hajmi, o‘qituvchilarning yillik ish rejasi soatlar miqdori shtat birliklari sonini hamda pedagog xodimlarning oylik maoshlarini belgilash uchun asos bo‘lmaydi.

Shtat birliklari pedagog xodimlarning o‘quvchilar soniga nisbati bo‘yicha, oylik maoshi esa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi hamda ish haqi hisoblash va to‘lash tabel asosida amalga oshiriladi.

Ta’lim dasturi doirasida o‘qitish shaklidan qat’i nazar, yuridik texnikum o‘quvchilarining bilimini baholash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yuridik texnikumlarda ta’til vaqtida, qoida tariqasida, yozgi semestr tashkil etilishi mumkin. Yozgi semestr modullarni o‘zlashtirish (akademik qarzlarni topshirish), o‘quv dasturidagi farqlarni yo‘qotish maqsadida pullik asosda tashkil qilinadi.

Yozgi semestrning davomiyligi o‘quv jarayonining grafigi asosida yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kurslar kesimida belgilanadi. Bunda, o‘quvchilar bilimini baholash amalda belgilangan tartib asosida tashkil etiladi.

Yozgi semestrga jalb qilingan pedagog xodimlarga soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.

O‘quvchilar o‘zlashtirishi natijalari transkriptda aks ettiriladi.

Kreditlarni ko‘chirish yuridik texnikumda baholash tizimini boshqa baholash tizimlariga konvertasiya qilish jadvalini boshqa ta’lim muassasasida tuzilgan shunga o‘xshash jadval bilan solishtirish asosida amalga oshiriladi.

Akademik mobillikni ta’minlash va o‘quvchining kreditlarini boshqa yuridik texnikum (TDYU) tomonidan tan olinishida quyidagi hujjatlardan foydalaniladi:

ta’lim dasturi (fanlar) katalogi;

ta’lim to‘g‘risidagi kelishuv, ma’lumotnoma va sertifikat.

Mazkur hujjatlar ta’lim olish natijalarini aks ettiradi va yuridik texnikumga kreditlarni tan olish va ko‘chirib o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

O‘quvchi tomonidan yuridik texnikum ta’lim dasturi bo‘yicha to‘plangan kreditlar miqdori boshqa yuridik texnikumda (TDYUda) belgilangan ta’lim olish natijalariga muvofiq o‘zlashtiriladigan kreditlar miqdoriga teng hisoblanadi.

O‘quvchi jo‘natuvchi ta’lim muassasasi tavsiyasiga asosan qabul qiluvchi ta’lim muassasasiga akademik mobillikni amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni topshiradi. Jo‘natuvchi ta’lim muassasasi tomonidan o‘quvchiga belgilangan shakldagi transkript taqdim etiladi.

O‘quvchining akademik mobillik davrida o‘zlashtirilishi belgilangan ta’lim elementlarini jo‘natuvchi ta’lim muassasasining roziligisiz va u bilan kelishmasdan o‘zgartirish mumkin emas. Xorijdagi hamkor ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarida belgilangan ta’lim olish natijalari yuridik texnikumlarning o‘quv dasturi bo‘yicha ta’lim olish natijalariga mos kelishi yoki ularni to‘ldirishi lozim.

Qabul qiluvchi ta’lim muassasasida o‘quvchi tomonidan o‘zlashtiriladigan ta’lim elementlari jo‘natuvchi ta’lim muassasasining o‘quv dasturiga integrasiya qilinganligi, shuningdek, akademik mobillik davrida o‘quvchining bilim darajasini aniqlovchi ko‘rsatkichlarning jo‘natuvchi va qabul qiluvchi ta’lim muassasalarining baholash tizimlariga konvertasiya qilinganligi akademik mobillik to‘g‘risidagi shartnomada aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Qabul qiluvchi ta’lim muassasasida o‘zlashtiriladigan kreditlar miqdori yuridik texnikum (TDYU)da yoki xorijda o‘qish davriga (6 oy yoki 1-2 yil) mutanosib bo‘lishi kerak. Jo‘natuvchi ta’lim muassasasi tomonidan o‘quvchi akademik mobillik davrida o‘zlashtirgan (to‘liq yoki qisman) kreditlar tan olinadi. O‘quvchi jo‘natuvchi ta’lim muassasasiga qaytib kelgach, akademik mobillik davrida to‘plangan kreditlar miqdoridan kelib chiqqan xolda amaldagi tartib-qoidalar asosida uni keyingi kursga o‘tkazish yoki kursda qoldirish belgilanadi.

TDYUning hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ta’lim dasturlari doirasida akademik mobillik uchun ta’lim to‘g‘risidagi kelishuvlar tuzilishi talab etilmaydi.

Yuridik texnikum o‘quvchilarining o‘qishini boshqa yuridik texnikumga ko‘chirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik texnikum o‘quvchilarining o‘qishini boshqa yuridik texnikumga ko‘chirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Chetlashtirilgan o‘quvchiga belgilangan shakldagi ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.

O‘quvchilar qonunchilik hujjatlari asosida o‘qishini qayta tiklash va ko‘chirish huquqiga ega.

Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 30 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan o‘quvchi ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan o‘quvchi akademik qarzdor hisoblanadi.

Akademik qarzdor o‘quvchilar ta’til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi.

TDYU kengashi qarori bilan auditoriya soatini sababsiz qoldirish foizi qisqartirilishi va akademik qarzdorlikni bir marta bepul topshirishga ruxsat berilishi mumkin.

O‘quvchini kursdan kursga o‘tkazish uning GPA qiymatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yuridik texnikumlar o‘quvchilarini kursdan kursga o‘tkazishda GPA ko‘rsatkichi TDYU tomonidan belgilanadi. GPA ko‘rsatkichini to‘play olmagan o‘quvchi qayta o‘qish uchun tegishli kursda qoldiriladi. Semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha akademik qarzdorligi bor ta’lim oluvchilar o‘qishdan chetlashtirilmaydi va kursda qoldiriladi.

Kursda qolgan o‘quvchilar faqat qarzdor bo‘lgan modullarni o‘zlashtirib ularga mos ravishda shartnoma mablag‘larini to‘laydi. Shartnoma asosida bir kursda qayta o‘qish soni chegaralanmaydi.

O‘quvchi ikkinchi kursni tugatgandan so‘ng ikkala bosqichlari uchun belgilangan eng kam kreditlar miqdorini to‘plab, shartnoma to‘lovidan qarzi bo‘lmasa «bitiruvchi» maqomiga ega bo‘ladi. Bunda bitiruvchi maqomiga ega o‘quvchi modullarni mustaqil o‘zlashtirgan holda muntazam ravishda o‘tkaziladigan imtihon sessiyalarida imtihon topshirish yoki yakuniy davlat attestasiyasidan shartnoma-to‘lov asosida o‘tish uchun murojaat qilishi mumkin.

O‘quvchi o‘quv rejasida nazarda tutilgan kreditlarni to‘plasa, shu jumladan yakuniy davlat attestasiyasidan muvaffaqiyatli o‘tsa o‘rta maxsus professional ma’lumot darajasiga ega bo‘ladi.

Yuridik texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlab TDYUga o‘qishga yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilingan talabalarning TDYUning birinchi kursi uchun yuridik texnikumlarda to‘plangan kreditlari TDYU kengashi qarori bilan ko‘chiriladi.

Yuridik texnikumlarda ta’lim olishning to‘lov qiymati qonunchilik hujjatlariga muvofiq Adliya vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi.

O‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt 60 kredit miqdorida hisoblanadi. O‘zlashtirishlari shart bo‘lgan (majburiy va tanlov modullar doirasida) kreditlardan tashqari o‘quvchilarga o‘z ixtiyorlari bilan qo‘shimcha modulni qo‘shimcha to‘lov asosida o‘zlashtirishiga ruxsat etiladi.

Fanlar bo‘yicha qayta ta’lim olish uchun to‘lov qiymati Adliya vazirligi tomonidan butun o‘quv yilining kontrakt summasidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Qayta ta’lim olish uchun to‘lov mexanizmi Adliya vazirligi tomonidan bir kredit qiymatini hisoblash asosida belgilanadi. Bir kredit qiymati o‘quv yili davomidagi ta’lim olish uchun to‘lanadigan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorini rejalashtirilgan kreditlar miqdoriga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.

Ta’lim dasturida belgilangan natijalarga erishish hamda kredit-modul tizimi to‘g‘ri va haqqoniy qo‘llanilayotganligini aniqlash va baholash maqsadida o‘quv jarayonining monitoringi o‘tkaziladi.

Monitoring yuridik texnikumlar va TDYU tomonidan so‘rovnoma, fokus-guruhlar, intervyu olish yoki erishilgan natijalarni tahlil qilish va boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin.


Lapasov Dilshod Abdusaid o‘g‘li,

Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi o‘qituvchisi