Янгиликлар
Bir_murojaat_izidan
Shartnoma – ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi ekanligi, shartnoma tuzishning asosiy maqsadi fuqarolar va yuridik shaxslarning oʻzaro fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish holatini rasmiylashtirishdan iborat ekanligi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida alohida qayd etilgan.
Shartnomaga kirishuvchi shaxslar kim bilan, qancha, qachon shartnoma tuzishni, u tufayli yetkazib berilishi lozim boʻlgan pul, tovar, ashyolarni qaysi muddatlarda, qanday transportlarda yetkazilishini, toʻlov amaldagi qanday shakllarda boʻlishini mutlaqo oʻzlari, mustaqil hal qiladilar. Biroq, aksar hollarda shartnoma shartlari buzilib, taraflar oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani ham afsuski, uchrab turibdi.
“UNION STATION SERVISE” MCHJ rahbari T.Davirboyevni Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilishga yetaklagan muammo ham shunda, aslida.
“UNION STATION SERVISE” MCHJ va Sirdaryo taʼmirlash tiklash xizmati DUK Sirdaryo viloyat filiali oʻrtasida mahsulot yetkazib berish yuzasidan shartnoma tuzilgan edi, biroq ...
Mazkur murojaat Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi tomonidan oʻrganildi.
Shartnomaga asosan haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha “Sotuvchi” “Xaridor”ning topshirigʻiga koʻra, qurilish mahsulotlari uchun haq toʻlash majburiyatini olishi nazarda tutilgan boʻlib, shartnoma boʻyicha yetkazib beriladigan mahsulot belgilangan shartnomaviy narxlar haqiqiy xarajatlar kalkulyatsiyasiga asosan oʻzgarishi mumkinligi, shartnoma boʻyicha realizatsiya qilinayotgan tovarning haqiqiy bahosi tovar yetkazib berilganda taqdim etiladigan hisob-fakturaga asosan toʻlanishi belgilangan.
Oʻrganish davomida masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga koʻra, korxonaga jami 72 300 200 soʻmlik mahsulot yetkazib berilganligi, jamiyat tomonidan yetkazib berilgan mahsulot haqini toʻlab berish yuzasidan korxonaga talabnoma yuborilgan boʻlsa-da, korxona tomonidan toʻlab berish choralari koʻrilmaganligi, natijada korxona jamiyatdan 72 300 200 soʻm qarzdor ekanligi maʼlum boʻldi.
Ushbu qarzdorlik taraflar oʻrtasida tuzilgan taqqoslash dalolatnomasida ham oʻz aksini topdi.
Vaholanki, Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Shuningdek, Kodeksning 263-moddasiga muvofiq, neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganidan qatʼiy nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli.
Yuqoridagilarga asosan, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “UNION STATION SERVISE” MCHJ manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Qayd etilganlarga asoslanib, mazkur daʼvo arizasi qanoatlantirildi, sud qarori bilan Sirdaryo taʼmirlash tiklash xizmati DUK hisobidan “UNION STATION SERVISE” MCHJ foydasiga 72 300 200 soʻm asosiy qarz va 8 000 000 soʻm penya, jami 80 300 200 soʻm undirilishi belgilandi.
Ha, shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy hisoblanadi. Demak, shartnoma tuzildimi, majburiyatlar bajarilishi shart.
Jahongir Shamirzayev,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi ijtimoiy iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi