Янгиликлар
Adliya organlari:Jamiyat ehtiyoji asosiy omil
Vatan himoyasi sharafli burch, vatan himoyachisi boʻlish undan-da sharafli.
Chindan ham, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, elimiz osoyishtaligini taʼminlashda Vatan himoyachilarining oʻrni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil topganligining 30 yilligi, hamda “Vatan ximoyachilari kuni” munosabati bilan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Mirzaobod tumanida joylashgan 532-SCHR Batalyonida “Adliya organlari:Jamiyat ehtiyoji asosiy omil” mavzusidagi huquqiy targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar shonli 30 yil davomida adliya sohasida amalga oshirilgan islohotlar, huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholiga samarali va sifatli xizmat koʻrsatishda adliya organlarining tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Tadbir mobaynida professional armiyani shakllantirish yoʻlida amalga oshirilgan islohotlar mazmun-mohiyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, qonunchilikda harbiylar va ularning oila aʼzolariga belgilangan imtiyozlar tushuntirildi.
- Adliya xodimlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv harbiy xizmatchilarimiz uchun juda foydali boʻldi, avvalo, ular adliya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, qolaversa, harbiylar uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻldilar, - deydi Batalyon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo'yicha orinbosari, mayor Alisher Abdurasulov.
Darhaqiqat, mazkur tadbir harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim omil boʻldi. Kelgusida bu kabi uchrashuv va davra suhbatlari tez-tez oʻtkazib turiladigan boʻldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi