Янгиликлар
Sardoba tuman hokimligida seminar tashkil qilindi
Yer mamlakatimiz aholisining turmush farovonligini taʼminlaydi, respublikamizning iqtisodiy salohiyati uchun moddiy negiz yaratadi. Shu sababli undan oqilona, unumli va ilmiy asoslangan tarzda foydalanishni tashkil etish mamlakat buguni va kelajagi uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda eng avvalo, yer bilan bevosita bogʻliq boʻlgan huquqiy normalarning ahamiyati beqiyos kattadir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Sardoba tuman hokimligida tashkil qilingan seminar yer munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratildi.
Tadbirda adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi A. Shayjigitov ishtirok etib, Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga alohida toʻxʻtalib oʻtdi.
Seminarda qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini ijaraga olish huquqini qoʻlga kiritish uchun yerning normativ qiymatidan kelib chiqib 30 yil muddatga hisoblanadigan qoʻshimcha toʻlovlar tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetiga yoʻnaltirilishi, ularning alohida hisobi yuritilishi, dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga qoʻyish boʻyicha materiallarni tayyorlash tartibi tushuntildi.
Muloqot soʻngida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi