Янгиликлар
#Adliya_shonli_30_yil #Inson_qadri_ulug' ⚡️Har bir murojaat adliya e'tiborida
Pandemiya davrida shifokorlarning qadrini barcha birdek yanada teranroq his qildi. Hayotimiz va salomatligimiz yoʻlida oʻz huzur-halovatidanda kechib xizmat qilayotgan bu sharafli kasb egalarini har qancha eʼtirof etsak arziydi. Biroq, pandemiya davom etayotgan boʻlsa-da, tunu-kun mehnat qilib kasallikka qarshi kurashishda jasorat koʻrsatayotgan salomatlik posbonlarining haq-huquqlari buzilayotgani achinarli holdir.
G.Sultonova Guliston shahar sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati boʻlimida faoliyat yuritadi. U va yana 14 nafar hamkasbiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-apreldagi PQ-4695-son qaroriga asosan pandemiya davrida oylik maoshiga 35 foiz miqdorida qoʻshimcha toʻlovlar toʻlab kelingan edi. Biroq ushbu toʻlovlar 2021-yil yanvar oyidan boshlab toʻlanmadi. Bundan norozi boʻlgan fuqaro G.Sultonova va boshqalar Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat toʻliq va xolisona koʻrib chiqildi.
Oʻrganish davomida xodimlarning eʼtirozlari oʻz tasdigʻini topdi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun xavfliligi va ogʻir sharoitlari uchun belgilanadigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish hamda mehnatga haq toʻlash razryadlari boʻyicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirgan holda toʻlovlar 2021-yil yanvar oyidan toʻxtatib qoʻyilganligi aniqlandi.
Oʻrganish natijasi boʻyicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Sirdaryo viloyat boshqarmasiga aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida ularga takroran yoʻl qoʻymaslik maqsadida huquqiy taʼsir chorasi sifatida ijrosi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritildi.
Adliya boshqarmasi aralashuvi bilan mazkur murojaat qanoatlantirildi. G.Sultonova va yana 14 nafar xodimga 2021-yil yanvar-may oylari uchun lavozim maoshiga 35 foiz jami 42 826 017 soʻm miqdoridagi qoʻshimcha toʻlovlar toʻlab berilishi taʼminlandi.
Timur Karimov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi bosh maslahatchisi