Янгиликлар
Nepotizm haqida bilasizmi?
Nepotizm - korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, siyosatda, ish, lavozimga erishishda, tadbirkorlik kabi boshqa sohalarda shaxslarning qobiliyati, bilimi, ma’lumotiga emas, balki urug‘-aymog‘chilik, oshna-og‘aynichilikka yon bosish, qo‘llab-quvvatlash, sharoit yaratib berishlik shaklda namoyon bo‘ladi.
Nepotizm - bu lotincha “nepos” - urug‘, zot, nasl, sulola, “nepotis” — nabira, jiyan so‘zlaridan olingan.
Uzoq o‘tmishda Italiya Rim papasi davrida paydo bo‘lgan bo‘lsa, yaqin o‘tmishda yaqqol Ruminiyada Chaushesku diktatura rejimi misol bo‘la oladi. Nikolay Chaushesku hukmronligi vaqtida o‘z turmush o‘rtog‘i Yelena Chausheskuni 1972 yilda hukmron partiya bo‘lgan Ruminiya Komunistik Partiyasi Markaziy Qo‘mitasiga kiritdi va 1980 yilda uni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinladi.
Shu kabi Chausheskuning o‘g‘li Niku Ruminiyadagi graflik va Komunistik Partiya Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga nomzod etib tayinlandi. U yana Ruminiya Kommunistik talabalar uyushmalari ittifoqi rahbari va Ruminiya Kommunistik Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi mansablarida ishlagan. 1980-yillarning o‘rtalariga kelib hatto Niku Chausheskuni otasining merosxo‘ri, prezidentlikka nomzod sifatida ko‘ra boshlashgan. O’sha vaqtlar Ruminiya rahbarining boshqa qarindoshlari bo‘lgan 40 ga yaqin kishi davlat va partiyaning muhim lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Nepotizm shaklidagi korrupsiya yuzaga kelganida sulolalar, urug‘lar davlatning, iqtisodiy sektorning muhim mexanizmlarini egallay boshlaydi. Buning natijasida ulardagi urug‘chilik, sulolaviy daxlsizlik imkoniyati sabab kishilarda adolatli boshqaruv, adolatli sudlov va adolatli taqsimotga nisbatan ishonchsizlik kuchayadi. Jamiyatda rivojlanish to‘xtaydi, tanazzul boshlanadi.
Nepotizmni oldini olish uchun mansab, lavozimlarga tayinlashda ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazoratini tashkil qilish hamda alohida hollarda kishilarga o‘qishga kirish, ijtimoiy, iqtisodiy, tadbirkorlik sohalarida imtiyozlar berishni kamaytirish kabi choralar ko‘rilishi talab qilinadi.
Akbar Ahrorov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish bo'limi bosh maslahatchisi