Янгиликлар
“Biz birgamiz” ijtimoiy aksiyasi Sirdaryoda
Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish va ishga joylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ularni manzilli ijtimoiy himoya qilish ustuvor vazifalardan biridir.
3- dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlar uyida tashkil etilgan “Biz birgamiz!” loyihasi doirasidagi tadbir viloyatdagi iqtidorli nogironlarni bir joyga jamladi.
Ushbu tadbirda iqtidorli nogironlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, tayyorlanayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi.
Boyovutlik Dilafruz Yusufaliyeva yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini yoʻlga qoʻygan.U yumshoq oʻyinchoqlar yasab, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yetkazib turadi. Hozirda u ushbu yoʻnalishda oʻquv kursi tashkil etib, 5 nafar shogird tayyorlayapti.
- Yumshoq oʻyinchoqlar tayyorlash menga zavq beradi, - deydi Dilafruz Yusufaliyeva. 7 yil davomida oʻz ustimda ishladim, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli buyumlardan oʻyinchoqlar yasashni oʻrgandim. Men juda baxtiyorman, oʻquv kursi ochib shogirdlar tayyorlashni, ularga ham hunar sirlarini oʻrgatishni orzu qilardim, orzuimga yetdim. Ushbu oʻquv kursiga hozirda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turganlarni jalb qilayapman.
Aksiya davomida Adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Safarboy Togʻayev, Nodavlat notijorat tashkilotlar boʻlimi boshligʻi Qobiljon Ahmadjonov tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik yuzasidan keng maʼlumotlar berildi.
“Biz birgamiz” ijtimoiy aksiyasi nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyatimizda oʻz oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashish, ularning koʻnglini koʻtarish hamda jamiyatimizning ajralmas va eʼtiborga loyiq vakili ekanligini yana bir bor namoyon etish maqsadiga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi