Янгиликлар
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi J.Nuritdinov Shirin shahar “Amir Temur” mahallasida sayyor qabul o'tkazdi
Aholini qiynab kelayotgan muammolarga huquqiy yechim topish, fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etadi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi J.Nuritdinov tomonidan Shirin shahridagi olis hududlardan biri – “Amir Temur” mahallasida o'tkazilgan sayyor qabulda ham aholining muammolari o'rganildi.
Sayyor qabul davomida 15 dan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Shundan 7 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi, oʻrganish talab qiladigan 7 ta murojaat ish yurituviga olindi.
Fuqaro M.Butanov 2-guruh nogironi, bir necha yillardan buyon eshitish moslamasiga muhtoj edi. Qabul davomida M.Butanovning murojaati joyida ijobiy hal qilinib, fuqaroga eshitish moslamasi olish uchun sertifikat topshirildi.
Sayyor qabul mobaynida kommunal toʻlovlar, kredit, pensiya, subsidiya olish tartibi boʻyicha fuqarolarning murojaatlariga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek fuqaro M. Mahkamovaning moddiy yordam olish haqidagi, D. Xaydarov va M.Xaydarovalarning ish bilan taʼminlashda amaliy yordam so'rab qilgan murojaatlari ish yurituviga qabul qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Bundan tashqari, sayyor qabul doirasida “Amir Temur” mahallasi aholisi uchun bepul tibbiy koʻrik tashkil qilindi.
Sayyor qabulda Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov, shahardagi mutasaddi tashkilot va idoralar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi