Янгиликлар
VOYAGA YETMAGAN BOLALARNING TAʼMINOTI UCHUN ALIMENT UNDIRISH TARTIBINI BILASIZMI?
Ota-ona ajrashgan yoki alohida yashayotgan taqdirda bolaning moddiy taʼminoti qanday amalga oshiriladi? Voyaga yetmagan bolalarning aliment taʼminoti deganda nima tushuniladi? Aliment kelishuvi nima va u qanday amalga oshiriladi? Aliment toʻlanmaganida qanday choralar koʻriladi? Aliment miqdori qanday aniqlanadi? Shu kabi savollar aliment undirish masalasiga duch kelgan aksariyat fuqarolarda paydo boʻlishi tabiiy. Biroq malakali huquqiy maslahat olish imkoniyati hammada ham bir xil emas. Huquqiy sohada bilim yetishmasligi ota-onaning farzandi huquq va manfaatlarini himoya qilishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun quyida, fuqarolar orasida tez-tez uchrab turadigan shu kabi savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Voyaga yetmagan bolalarning aliment taʼminoti deganda nima tushuniladi?
Oila kodeksiga muvofiq ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishlari shart. Voyaga yetmagan bolalariga aliment toʻlash va ularga taʼminot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir, aliment toʻlovi ota-onaning biri tomonidan ikkinchisiga, yaʼni voyaga yetmagan bola tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan ota yoki onaga beriladi (Oila kodeksining 96-97 moddalari)
Aliment toʻlovlarini ixtiyoriy toʻlash deganda nima tushuniladi?
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment miqdorini, shaklini va toʻlash tartibini belgilovchi aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan kelishuvni tuzishga haqlidir. Mazkur oʻzaro kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak (Oila kodeksining 98-moddasi). Oʻzaro kelishuv aliment taʼminoti masalasini hal qilishning nafaqat eng tinch, balki eng tejamli yoʻlidir. Kelishuvni tuzish jarayonida davlat notariusi mazkur kelishuv birinchi navbatda voyaga yetmagan bola manfaatlarini taʼminlashga qaratilganligini inobatga olishi shart.
Ushbu hujjat yozma shaklda tuzilib, ota-ona tomonidan imzolanib, davlat notariusi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Oʻzaro kelishuv er-xotin, sobiq er-xotin hamda nikohi rasmiylashtirilmagan, umumiy farzandlari mavjud shaxslar oʻrtasida tuzilishi mumkin.
Faqat tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomada ota-ona sifatida koʻrsatilgan shaxslargina kelishuv tomonlari boʻla olishlari mumkin.
Notarial tasdiqlanayotgan aliment kelishuvi boʻyicha davlat boji kelishuv summasining 1%ini tashkil etadi. Shu bilan birga aliment kelishuvini tuzishda davlat notariusining texnik xizmatlariga oid xarajatlar ham undiriladi.
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv taraflarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin (Oila kodeksining 132-moddasi).
Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ota yoki ona aliment undirish maqsadida sudga murojaat qilishi mumkin. Oila kodeksiga binoan voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sud buyrugʻi yoki sudning hal qiluv qaroriga asosan aliment undiriladi (Oila kodeksining 96-moddasi).
Voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlovlari qanday miqdorda belgilanadi?
Oila kodeksiga asosan aliment ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi, ikki bola uchun – uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun — yarmi miqdorida undiriladi.
Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin (Oila kodeksining 105-moddasi).
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam boʻlmasligi kerak (Oila kodeksining 99-moddasi).
Taʼkidlash joizki, aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda boʻlmay, oʻzgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan boʻlsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati boʻlmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega boʻlmasa, voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun toʻlanishi lozim boʻlgan aliment miqdori har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanishi mumkin (Oila kodeksining 102-moddasi).
Aliment undirish masalasi sud tartibida qanday hal qilinadi?
Agar sudga murojaat qilishga qaror qilsangiz, u holda aliment undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi ariza yoki daʼvo ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Oʻ. Djabbarov
“MADAD” NNT Sirdaryo tuman huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxasisi