Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Doim hilpira faxrim - bayrog'im!


    Mana bugun davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O’zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog’i to’g’risida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 30 yil to’ldi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog’i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O’zbekiston davlati borligini anglatadi va o’zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.

O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i xalqaro maydonda, jumladan, O’zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiyamamlakatlarga safarlari chog’ida, xalqaro tashkilotlarda, konferentsiyalarda, jahon ko’rgazmalarida, sport musobaqalarida O’zbekiston Respublikasining timsoli bo’ladi. Bayrog’imiz o’zida butun O’zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g’ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo’stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog’imizning davlat idora va muassasalari, o’quv yurtlari, O’zbekiston a’zo bo’lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g’ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi.

Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g’alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog’i baland ko’tarilib madhiyamiz yangragan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz,butun vujudimiz junbushga kelib,  hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz. Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgisidir.

Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o’zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug’ kelajagimizga bo’lgan ishonchimiz ifodasidir. Respublikamiz davlat bayrog’idagi ranglar O’zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo’lgan davlatlar bilan tarixan bog’liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an’analarini o’zida mujassamlashtirgan.

Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o’zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag’rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko’pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo’lida o’zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug’ sanaladi. Chunki u xalqning o’tmishi, buguni va kelajagini o’zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir. Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o’rni katta.

Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog’ini yov qo’liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo’lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo’lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tug’ini jonidan ortiq asragan To’maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o’nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat.

Aslida Vatan bayrog’ini ko’zga surtish, uni to’tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo’lish deganidir. Mustaqil davlatimiz bayrog’i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug’ kelajagimizga bo’lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.


Rustam Xolmuratov,

Sirdaryo tumani yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti