Янгиликлар
MILLAT BAYROG‘I - MILLIY G‘URUR
Miliiy gʼururimiz, istiqbolimiz hamda suverenitetimiz ramzi hisoblangan Oʼzbekiston Respublikasining davlat bayrogʼi tom maʼnoda mustaqil diyorimizning jahon hamjamiyatidagi oʼrni, uning dunyo miqyosidagi mavqeini ifodalashda, alohida ahamiyatga ega boʼlib, davlat bayrogʼi xalqimiz uchun ulugʼlik va shon-sharaf ramzidir.
Mustaqilligimizning yorqin timsoli hisoblangan ramzlarimizdagi har bir belgi va ranglar eng avvalo mehnatsevar xalqimizning shonli oʼtmishi bilan bogʼliqdir. Darhaqiqat, Davlat Bayrogʼidagi tiriklik timsoli, yaxshilik, halollik, shon-shuhrat, sadoqatni ifodalagan moviy rang buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Аmir Temur barpo qilgan davlatning bayrogʼida ham aks etgandi.
Xalqlarni mushtarak maqsad yoʼlida odimlashga, elni birlashtirishga qodir boʼlgan davlat bayrog'i Sohibqiron Аmir Temur davlatida ham ulugʼlangan boʼlib, Sohibqiron oʼzining gʼoliblik bayrogʼi ostida dunyo tan olgan saltanat barpo eta oldi. Sohibqiron bobomiz zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qoʼlidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga Sohibqiron alohida eʼtibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi magʼlubiyat va ortga chekinish ishorasi boʼlgan.
Vatanimiz mustaqilligining ilk yillaridanoq, ya'ni 1991-yil 18-noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʼtkazilgan VII sessiyasida “Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunning 2-3-moddalarida Oʼzbekiston Respublikasining davlat bayrogʼi Oʼzbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda Oʼzbekiston Respublikasining timsoli boʼlishi belgilab qoʼyildi.
Iftixorimiz sanalgan davlat bayrogʼi, Oʼzbekistonimizning xalqaro hamjamiyatdagi oʼrnini, uning tenglar ichra teng aʼzosi ekanligini ifodalaydi. Shuningdek dunyo davlatlari bilan yonma-yon hilpirab turgan bayrogʼimiz hech kimdan kam emasligimiz va kam boʼlmasligimizni koʼrsatib turadi.
Bugun bayrogʼimiz Xalqaro maydonda rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʼida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon koʼrgazmalari va sport musobaqalarida mamlakatimiz timsoli sifatida hilpiramoqda. Zero, millatimiz bayrogʼi xalqimiz uchun jondek aziz, nondek moʼtabardir.
Farangis Muhammadiyeva
Guliston shahar Yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti