Янгиликлар
Davlatimiz bayrog'i faxrimiz, g'ururimiz, or-nomusimizdir
Bundan 30 yil muqaddam, yaʼni 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan.
Davlat bayrogʻi — bu tasviri qonun bilan oʻrnatiladigan, bir davlatni boshqa davlatlardan farqlovchi rasmiy belgisi, nishonidir. U davlat mustaqilligi, suvereniteti ramzi hisoblanadi. Davlat bayroqlari, ularning rangi, tuzilishi va emblemalari oʻzboshimchalik bilan, ixtiyoriy suratda belgilanmaydi.
Mamlakatimizda Davlat bayrogʻidan foydalanish tartibi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarilganda, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomondan koʻtarilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarilganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻlchamidan katta boʻlmasligi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilish balandligi esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilish balandligidan past boʻlmasligi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari koʻtarilganda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq koʻtariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil oʻlchamga ega boʻlishi kerak.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq fuqarolarimiz, shuningdek, Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrogʻini hurmat qilishlari shart.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2031-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Jinoyat kodeksining 215-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.
Hurmatsizlik qilish qonunga xilof, ijtimoiy xavfli harakatda ifodalanib, masalan: bayroq yoki gerbni yirtish, yoʻq qilish, shikast yetkazish, shuningdek, ularni bulgʻovchi belgi, rasmlar yoki yozuvlar kiritish, madhiyani ijro etishda musiqa va soʻzlarni qasddan buzib aytish va hokazolar bilan sodir etiladi.
Xulosa o’rnida aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadigan davlat ramzi — Oʻzbekiston bayrogʻiga hurmatsizlik qilish javobgarlikka sabab boʻladi. Zero, davlatimiz bayrog'i faxrimiz, g'ururimiz, or-nomusimiz sanaladi. Davlat ramzlariga lozim darajadagi hurmatni ifoda etish esa vatanparvarlik va fuqarolik burchimizdir.
Adham Shayjigitov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari v.b