Янгиликлар
17
Yuksaklarda hilpira, bayrogʻim!
1991- yil 18- noyabr.
Aynan shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan.
Mana oʻttiz yildirki, bayrogʻimiz nafaqat vatanimizda, balki xalqaro maydonlarda davlatimiz kuch-qudrati, mustaqilligimizning ifodasi, xalqimiz gʻururi va iftixori timsoli boʻlib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamizning 5-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega ekanligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi — bayroqning butun uzunligi boʻylab oʻtgan toʻq moviy rang, oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir.
Davlat bayrogʻi muqaddas va daxlsiz, u davlatimiz suverenitetining ramziy belgisidir. Davlat ramzi hisoblangan bayroqdan foydalanish tartibini belgilovchi me'yorlar “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari koʻtarilganda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq koʻtariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil oʻlchamga ega boʻlishi kerak.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas.
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq fuqarolarimiz, shuningdek, Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrogʻini hurmat qilishlari shart.
Davlat ramzlariga hurmatsiz munosabatda boʻlganlik uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlikning belgilanganligi davlat ramzlarining nechogʻlik baland maqom tutgani va katta ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Zero, davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik – vatanga nisbatan hurmatsizlik, ajdodlar merosini mensimaslik, ona-yurt tuprogʻining muqaddasligiga rahna solish, tariximizni oyoqosti qilish bilan barobar.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, osmonoʻpar binolarda, dengiz va daryo kemalarida; xalqaro maydonlarida, markaziy xiyobonlarda qad koʻtargan bayrogʻimiz qalblarni gʻurur, vatanparvarlik tuygʻusiga toʻldiradi.
Koʻngillarda muhabbatning, ongimizda tafakkurning, koʻkda falakning bayrogʻi boʻlib porlab turgan bayrogʻimizga boqar ekanman, baralla hayqirgim keladi: “Yuksaklarda hilpirayver, bayrogʻim!”
Hilola Sulaymanbekova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi yetakchi maslahatchisi