Янгиликлар
Adliya boshqarmasi rahbariyatining Sirdaryo tumanida aholi vakillari bilan sayyor qabuli o'tkazildi
Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash masalalari yanada takomillashtirilmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar ham bevosita aholi bilan yuzma yuz muloqot qilish, ularning muammolariga yechim topishning muhim omili boʻlmoqda. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Safarboy Togʻayevning Sirdaryo tumani “Turkiston” mahallasida oʻtkazgan sayyor qabulida aholi vakillari oʻz muammolari bilan murojaat etish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Sayyor qabul davomida aynan aholining muammolari oʻrganildi. Jumladan, fuqaro K.Atoyevaning propiskadan chiqarish masalasida qilgan murojaati boʻyicha joyida amaldagi qonun hujjatlari asosida tegishli huquqiy tushuntirish berilib, mazkur murojaat belgilangan tartibda kirim qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Bundan tashqari, fuqaro A.Muqimovning nikohni bekor qilish masalasidagi murojaati ham tinglandi. Ushbu murojaat Boyovut tuman FHDYO boʻlimi tomonidan koʻrib chiqilishi yuzasidan zarur huquqiy tushuntirishlar berilib, boʻlim ish yurituviga qabul qilindi hamda ijrosi alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, sayyor qabul jarayonida “Dilda bahor” koʻchasida yashovchi fuqaro M.Toshaliyevning koʻchasi taʼmirlash hamda ichimlik suvi bilan taʼminlash, Oʻ.Gʻoipovaning moddiy yordam olish, fuqaro M.Xoʻjayevaning oilaviy masalalar boʻyicha qilgan murojaatlariga tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, oʻrganib chiqish uchun ish yurituvga olindi.
Shuningdek, sayyor qabulga kelish imkoniyati boʻlmagan fuqarolarning murojaatlari joyiga chiqib oʻrganildi.Jumladan, nogironligi boʻlgan fuqaro M.Aroqulovning yurishga qiynalayotganligi bois, hassa bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatishni soʻrab qilgan murojaati qanoatlantirilib, unga hassa ajratilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, fuqaro N.Zinkevichning ham yashash sharoitlari oʻrganildi, eshitishda nuqsoni borligi inobatga olinib, unga eshitish moslamasi topshirildi.
Bugun mamlakatimizda shunday tizim yaratildiki, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy holatini oʻrganish va mavjud muammolarni bartaraf etish imkoniyatlari kengaydi. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi rahbariyatining Sirdaryo tumanida aholi vakillari bilan sayyor muloqoti ham ana shunday samarali boʻldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi