Янгиликлар
12
“Patriot” jamoasi "Idrok" intellektual o'yini g'olibi
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy bilimlarini mustahkamlash orqali davlat va jamiyatga yetuk, yosh va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Oʻquvchilarning ilm-fanga ishtiyoqini yuksaltirish, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash barobarida ularda tashabbuskorlik, vatanpavarlik, fidoyilik, oʻz kasbini sevish, yurt kelajagiga daxldorlik tuygʻularini qaror toptirish maqsadida Adliya vazirligi tashabbusi bilan respublika miqyosida yuridik texnikumlar oʻquvchilari oʻrtasida 2 bosqichli “Idrok” intellektual oʻyini tashkil etilmoqda.
Sirdaryo viloyat yuridik texnikumida oʻtkazilgan “Idrok” intellektual oʻyini texnikumda tahsil olayotgan eng iqtidorli oʻquvchilardan tarkib topgan 7 ta - “Barrister”, “Yuristlar”, “Sahovat”, “Al-fraganus”, “Intouchables”, “Patriotlar” va “Metsenat” jamoalarini aql-zakovat bahsiga chorladi.
Qiziqarli, mushohada va mulohazaga boy savol-javoblar, aytish mumkinki, yoshlarni izlanishga, bilim va ko'nikmalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
-Ishtirokchilarning qiziqishi va shijoatini koʻrib bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazib borishga qaror qildik. Sababi, intellektual oʻyinlar aqlni charxlaydi, mantiqiy fiklash qobiliyatini rivojlantiradi, oʻquvchilarni oʻz ustida ishlashga undaydi, bilim, iqtidori va salohiyatini namoyon etishga imkon beradi, – deydi Yuridik texnikum direktori X.Jalolov.
Shuningdek, tadbir davomida vatanni madh etuvchi qoʻshiq va sheʼrlar ijro etildi. Bu davraga yanada fayz, ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Jamoalar javoblari hakamlar hayʼati tomonidan xolis, adolatli baholab borildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, “Patriot” jamoasi gʻolib deb topilib, intellektual oʻyinning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Tadbir soʻngida gʻoliblar va faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi