Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

Adliya aralashuvi bilan fuqaroning buzilgan uy-joyi uchun kompensatsiya pullari toʻlanadigan bo'ldi


Guliston shahar, Yangi hayot mahallasi, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 60-uy 1-xonadon Sh.Berdiqulovaga tegishli edi. Ushbu xonadon Guliston shahar hokimining tegishli qarori bilan buzilgan. Biroq, uy-joy uchun fuqaroga kompensatsiya pullari toʻlab berilmagan. Sh.Berdiqulova kompensatsiya pullarini olishida amaliy yordam soʻrab Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.

Mazkur murojaat qonun talablari asosida oʻrganildi. Aniqlanishicha,  Sh.Berdiqulovaning xususiy mulki hisoblangan Guliston shahar, Yangi hayot mahallasi, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 60-uy 1-xonadon “SAINT NFR” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2017-yil 17-yanvardagi baholash hisobotiga koʻra, 192 409 000 soʻm bozor qiymatida baholanib, 2017-yilda 177 074 559 soʻm tovon puli Respublika yoʻl jamgʻarmasi tomonidan toʻlab berilgan.  Biroq, Guliston shahar hokimligi tomonidan fuqaro Sh.Berdiqulovaning buzilgan uy-joyi uchun qolgan 15 334 441 soʻm miqdoridagi kompensatsiya pullari toʻlab berilmagan.

Nizoni sudgacha hal etish maqsadida Adliya boshqarmasi tomonidan Guliston shahar hokimligiga fuqaro Sh.Berdiqulovaning manfaatida 15 334 441 soʻm miqdorida kompensatsiya pullarini undirish boʻyicha taqdimnoma kiritilib, toʻlab berish uchun vaqt berilgan boʻlsada, toʻlov amalga oshirilmagan.

 Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga muvofiq yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim.

 Buzilayotgan uylar oʻrniga turar joyni mulk qilib berish va uylar, boshqa imoratlar, inshootlar hamda dov-daraxtlar qiymatini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi, deb belgilangan.

   Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasida davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qoʻyishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yoʻl qoʻyiladi, bunda mulkdorga olib qoʻyilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning koʻrgan boshqa zararlari toʻlanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar toʻla hajmda toʻlanadi, deb belgilab qoʻyilgan.

 Shahar hokimligi tomonidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinmaganligi oqibatida mulkdorning huquqlari buzilgan.

 Yuqoridagilarga koʻra, Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Sh.Berdiqulovaning manfaatida fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritildi.

Adliya aralashuvi bilan Sh.Berdiqulovaning huquq va manfaatlari himoya qilindi. Sudning hal qiluv qarori bilan Sh.Berdiqulova foydasiga 15 334 441 soʻm miqdorida kompensatsiya puli, Guliston shahar hokimiyatidan davlat foydasiga 613.377 soʻm davlat boji undirilishi belgilandi. 


Timur Karimov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish boʻlimi bosh maslahatchisi