Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Sirdaryoda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi


O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashining qaroriga asosan, barcha hududlarda hududiy Kengashlar tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi.

Joriy yil 27 oktabr kuni viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da Kengashning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni keng jamoatchilikka yetkazish uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Kengash a’zolari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokchilarga amalga oshirilayotgan ishlarni ochiqladilar.

Dastlab, viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev anjumanni ochib, hududiy Kengash faoliyati bo‘yicha so‘z yuritdi. 

Ta’kidlanganidek, keyingi qisqa davr ichida qabul qilingan Qonunlar, Prezident Farmon va Qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi natijasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi yanada kengayib, samarali mexanizmlar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 26 iyundagi PF-6013-son Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashlarning tashkil etilganligi, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

–Jamiyatda shaffoflik, oshkoralikni to‘liq o‘rnatish uchun ochiqlik siyosatining ilgari surilishi korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi, –dedi viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev. –Bu kurashda har birimiz shaxsiy namuna bo‘lishimiz lozim. Bugungi kunda rahbarlar, mas’ul lavozimda ishlovchi shaxslar xalq oldida hisobdorligi, bajarayotgan ishlari bo‘yicha axborot berib borishi o‘z samarasini berayapti. Shuni unutmaslik kerak, inson ochiq muloqotdan o‘zini olib qochayaptimi, unga nisbatan xalqning ishonchi so‘nadi.

Shundan so‘ng viloyat prokurori Shohruh Aminov “Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillardan biri, bugungi kunda og‘riqli nuqtamiz ba’zi fuqarolarning huquqiy bilimlari yetarli emasligi, bu kamchilikni ham siz-u biz bir bo‘lib bartaraf etmog‘imiz shart” –deya, viloyatda joriy yilning 9 oy davomida korrupsiyaga oid jinoyat va huquqbuzarliklar holatining tahlili haqida ma’lumot berdi.

Joriy yilning 9 oyida 225 ta turli toifadagi mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularning asosiy qismi, ya’ni, 185 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 47 nafari firibgarlik, 2 nafari nodavlat tashkilotida o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, 5 nafari mansabini suiiste’mol qilish va boshqalardan iborat.

Jinoyat sodir qilgan davlat xizmatchilari hududlar kesimida tahlil qilinganida Guliston shahrida 80, Boyovut tumanida 39, Yangiyer shahrida 28, Sirdaryo tumanida 24, Mirzaobod tumanida 23, Oqoltin va Sayxunobod tumanlarida 21, Guliston va Sardoba tumanlarida 20, Xovos tumanida 17 va Shirin shahrida 6 nafarni tashkil qiladi.

Bular ayniqsa qurilish (76 nafar), xalq ta’limi (36), sog‘liqni saqlash (15), bank (13) va maktabacha ta’lim (9) sohalarida ko‘proq uchragan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 26,6 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan. Mazkur toifadagi jinoyat ishlarining tergovi jarayonida 22,1 milliard so‘mi yoki 83 foizi undirilishi ta’minlangan.

Shuningdek, viloyat IIB tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida boshqarma boshlig‘i Shuhrat Bo‘ronovning ma’ruzasi tinglandi. 

–Qadimdan bu qusurga “Korrupsiyani ham yo‘talga o‘xshab oldin aniqlash qiyin, ammo davolash oson, lekin bu kasalni o‘tkazib yuborsangiz uni aniqlash oson, ammo davolash qiyin” deya ta’rif berilgan, –dedi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Bo‘ronov. –Shunday ekan, barchamiz har qanday mudxish hodisaning oqibati bilan emas, uni keltirib chiqaruvchi sabablari bilan shug‘ullanishimiz kerak.

Anjumanda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Kengash a’zolari batafsil javob berishdi. Shuningdek, kun tartibidagi mavzu yuzasidan takliflar bildirildi.

Tadbirda shuningdek, Guliston davlat universitetining “Psixologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi Shoira Fayziyeva hamda “Baxtli oila” psixologiya markazi direktori Gulnora Urdabayeva qatnashib, korrupsion holatlarni vujudga keltiruvchi omillar va bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga xos aqliy testlar bajarish kabi kreativ yondoshuv bilan trening o‘tkazildi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi