Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

21

YOSH AVLOD KAMOLOTI YO‘LIDA


Bugun dunyoning 30 dan ortiq davlatlarida “Bolalar ombudsmani” faoliyat ko`rsatadi. Bolalar ombudsmanlarining asosiy vazifalari “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, bolaning sha’ni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etishdan tashkil topgan. Аdliya organlari  tomonidan ham ushbu institutni qonunchilikka joriy etish borasida takliflar kiritilmoqda.

Bugungi kunda Respublikamiz aholisining 30 foizi yoki 10 milliondan ortig‘ini aynan yoshlar va bolalar tashkil qilmoqda. Ayni shu sababdan O‘zbekiston yosh, mustaqil va shiddat bilan rivojlanayotgan davlat ekaniga alohida urg‘u berishimiz zarur, deb o`ylayman. Shuning uchun ham yoshlarning jismoniy va intellektual hamda ma’naviy-axloqiy rivojlanishini yuqori darajada ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.

O‘zbekistonda yosh avlodni himoya qilish milliy tajribasi Konstitutsiya, kodekslar, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni kabi 100 dan ortiq qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda aksini topgan. Ushbu qabul qilingan qonunlar natijasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida ish boshlaydigan Bolalar va yoshlar huquqlari bo‘yicha vakil sohada davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati hamda jamoatchilik boshqaruvini rivojlantiradi. Yoshlarning murojaatlari bilan ishlashning yangi shakl va tartiblarini ishlab chiqadi. Jamiyatning eng yosh fuqarolari bilan muloqot qilish, ularning muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish ham uning mas’uliyatidagi vazifalardan biri bo`lib hisoblanadi. Yangi qonun yosh avlod huquqlarini himoya qilishning mukammal milliy tizimini yaratadi.

O`zbekiston Respublikasining “Yoshlarga davlat siyosati to`g`risida”gi Qonunini qabul qilishdan ko`zlangan asosiy maqsad yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Qonun davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimini belgilab beradi. Ushbu qabul qilingan Qonunni amaliyotga tatbiq etish, ijrosini ta’minlash uchun bir qancha davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutassaddi idoralar jalb qilingan. Bunda ularning amalga oshirishi kerak bo`lgan ishlari va vakolatlari belgilab berilgan.

Shuningdek, qonunda Adliya organlari amalga oshirishi kerak bo`lgan ishlar ham alohida ko`rsatib o`tilgan. Unga ko`ra adliya organlari yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshirish hamda unda ishtirok etishda quyidagi vakolatlarga ega:

-yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

-yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;

-yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

-yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;

-yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.

-Adliya organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Ushbu qonun doirasida hozirgi kunda adliya organlari tomonidan yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini tushuntirish yuzasidan huquqiy targ`ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, ular bilan bevosita hududlarga chiqgan holda uchrashuvlar davra suhbatlari tashkil etilib, qonunchikda yoshlarimizga berilayotgan imtiyozlar bo`yicha muntazam targ`ibot ishlari olib borilmoqda.

Shuning bilan bir qatorda adliya organlari tomonidan bevosita shaxsiy va sayyor qabullar tashkillashtirilib qonun buzulish holatlari bo`yicha ularning ariza, taklif va shikoyatlari o`rganib chiqilib ijobiy hal etilmoqda. Ushbu qonunning 6-moddasiga ko`ra: yoshlarga oid davlat siyosati davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Shu kabi dasturlarda adliya organlari yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda.

Aynan shunday dasturlarni amalga kiritishda milliy qadriyatlarni tarbiya jarayoniga hamohang ravishda olib borishimiz, ularni yoshlarga tizimli o’rgatishimiz orqali yoshlar turli xil g’oyaviy ta’sirlarning maqsad va muddaolarini bir-biridan farqlay olishi kerakligini e’tiborga olishimiz lozim. Chunki qadriyatlar yoshlarning tarixiy xotirasi, milliy o’zligini anglashi milliy-ma’naviy qadriyatlarga bo`lgan sog`lom muhitni shakllantiradi va uni hurmat qilish ruhida tarbiyalaydi. Milliy qadriyatlarni o`rganish, milliy g`urur, avlodlarga munosib vorislar bo`lish, ular kabi o`z vatanining ravnaqiga munosib hissa qo`shish bilan bog`liqdir. Hozirgi zamon ilm-fan yutuqlarini egallash, fan va texnologiyalarni o`zlashtirishga da’vat etadi,vatanparvarlik tuyg`ularini oshiradi. O`z xalqiga va millatiga bo`lgan sadoqatini mustahkamlaydi. Qolaversa, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyatini oshiradi. O’zbekistonning ozod va obod vatan, erkin va farovon hayotga ega bo`lgan mustaqil mamlakat sifatida dunyo hamjamiyatida o`ziga xos o`ringa va nufuzga ega bo`lishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilishga xizmat qilishi lozim.

Aynan shuning uchun ham adliya organlari tomonidan tizimli ravishda yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil qilinib, muntazam ravishda huquqiy tushuntirishlar, targ`ibot ishlari olib borilmoqdaki, bu yosh avlod kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘lqin Turdibekov,

Yangiyer shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi